Finlyandiyaning «NOKIA» korporatsiyasi O'zbekistonda 5G texnologiyasini joriy etishga qiziqish bildirmoqda

Joriy yilning 17 may kuni Riga shahridagi qarorgohda O'zbekistonning Finlyandiyadagi elchisi Qadambay Sultonovning Finlyandiyaning "NOKIA" korporatsiyasi vitse-prezidenti Mikko Lavanti bilan video uchrashuvi bo'lib o'tdi, deya xabar qildi elchixona matbuot xizmati.


NOKIA - Finlyandiyaning transmilliy texnologik korporatsiyasidir. Dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida faoliyat yuritadi. Xodimlar soni 103 ming kishidan oshadi. Yillik daromad 23 mlrd AQSh dollarigacha yetadi. Fortune Global 500 versiyasi bo’yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri bo'lib, 5G mobil aloqa tarmoqlari uchun yangi avlod standartlarini ishlab chiqadi. O'zbekistonda mintaqaviy maqomga ega bo'lgan vakolatxonasi mavjud.


Tomonlar O'zbekistonning NOKIA bilan investitsiya va texnologik sohalarda, kompaniyaning ilmiy-texnik salohiyati va tajribasini mamlakatimizga jalb qilish bo'yicha hamkorlik istiqbollari to'g'risida fikr almashdilar.


Mikko Lavanti bahorda O'zbekistonga tashrifidan so'ng O'zbekistondagi yirik aloqa operatorlari bilan hamkorlik shartnomalari tuzilganligini ham ta'kidladi.


O'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi chuqur o'zgarishlar va barcha sohalarda zamonaviy dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari va kommunikatsiya resurslarini joriy etish borasidagi sa'y-harakatlar maqsadga muvofiqligi ta'kidlandi. Korporatsiyaning respublikada 5G texnologiyalarini joriy qilishda O'zbekiston bilan hamkorlik qilishga manfaatdorligi tasdiqlandi.


Shuningdek, Qadambay Sultonov AT va kommunikatsiya sohasida olib borilayotgan islohotlarning muhimligini, shu jumladan, "Raqamli O'zbekiston - 2030" strategiyasi bilan tanishganligini ta'kidladi.


Muzokaralar yakunida Nokia vitse-prezidenti Toshkent shahrida 15-16 iyul kunlari bo’lib o’tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o’zaro bog’liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajali Xalqaro konferensiyaga taklif qilindi.