Finlyandiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi tayinlandi

Tashqi ishlar vazirligida Finlyandiyaning O‘zbekistonda yangi tayinlangan elchisi Ilkka Ryaysyanen bilan videokonferensiya shaklida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida elchining ishonch yorliqlarini taqdim etish uchun Toshkentga tashrifini tashkil etish, O‘zbekiston vazirlik va idoralarida ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishning amaliy jihatlari, shuningdek, O‘zbekiston-Finlyandiya hamkorligini yanada kengaytirish bo‘yicha aniq vazifalar muhokama qilingan.
Joriy yilda Toshkentda siyosiy maslahatlashuvlarning muntazam raundlarini va savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha Finlyandiya parlamentlararo guruhi rahbari Kimmo Kilyunen boshchiligidagi delegatsiyaning 2022-yil avgust oyida O‘zbekistonga tashrifini birgalikda tayyorlash borasida kelishuvga erishildi.






