Gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash masalasi muhokama qilindi

Senat yalpi majlisida gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʼrovi yuborish masalasi koʼrib chiqildi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʼmitasi tomonidan oʼtkazilgan oʼrganishlar davomida gaz ballonlari bilan jihozlangan transport vositalarining portlashi bilan bogʼliq salbiy holatlar yuz berishiga qator omillar sabab boʼlayotgani aniqlangan.

Xususan, avtotransport vositalariga noqonuniy gaz moslamasini oʼrnatish va ularning oʼz vaqtida texnik koʼrikdan oʼtkazilmaslik holatlari yildan-yilga koʼpayib borayotgani taʼkidlandi. Bu avtotransport vositalari portlashi bilan bogʼliq mudhish hodisalarni vujudga keltirmoqda.

Jumladan, 2021-yilda avtotransport vositalariga noqonuniy (amaldagi texnik reglament talablariga javob bermaydigan) gaz moslamasi oʼrnatilganligi bilan bogʼliq 2 928 ta holat aniqlangan boʼlib, bu 2020-yilga nisbatan 61 foiz koʼpdir.

Gaz ballonlari oʼrnatilgan transport vositalarida 14 ta portlash hamda 2 ta yongʼin chiqish holatlari sodir boʼlib, ularda 9 nafar fuqaro jarohatlangan va 14 nafari halok boʼlgan.

Ushbu masalalar yuzasidan senatorlar Hukumatga parlament soʼrovi yuborish toʼgʼrisida qaror qabul qildi.