Geologiya-qidiruv ishlari bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-may kuni geologiya sohasini yanada rivojlantirish, foydali ma’danlar va yerosti suvi zaxiralarini kengaytirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda mutasaddilar shu borada ishlab chiqilgan rejalar yuzasidan axborot berdi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 182 million dollarlik 14 loyiha shakllantirilgan.
Shu maqsadda, 2022-2026-yillarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu dasturda 8 ta yangi kon va 18 ta istiqbolli maydon hisobiga uran zaxirasini oshirish, zamonaviy burg‘ilash uskunalarini olib kelish, raqamli geologiya modelini yaratish ko‘zda tutiladi.
Taqdimotda istiqbolli konlarni tayyorlash va ularga investorlarni jalb qilishga oid taklif ham ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi huzurida “Yangi kon” loyiha ofisi tashkil etish, uning ustav kapitaliga 15 million dollar ajratish mo‘ljallangan. Bu loyiha ofisi litiy, alyuminiy, magniy, grafit va boshqa nodir metallarni ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshiradi.
Shuningdek, Zarafshon, Angren va G‘uzordagi texnikumlarda geologiyaga ixtisoslashgan yo‘nalishlarni ko‘paytirib, malakali ishchilar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
O‘tgan yili mamlakatimizda mis sanoati klasteri tashkil etilgan edi. Dasturga ko‘ra, mis ishlab chiqarishni yagona “zanjir” asosida 2 baravarga ko‘paytirib, 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish reja qilingan.
Taqdimotda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham hisobot berildi.






