Google "Year in Search" yillik reyting natijalarini e’lon qildi

Unga ko’ra, 2021-yilda dasturchi Josh Uordl tomonidan ishlab chiqarilgan keyinchalik Nyu-York Taymsga sotilgan “Wordle" onlayn-o’yini 2022-yilda Google foydalanuvchilari tomonidan eng ko’p qidirilgan o’yin deya e’tirof etildi.
Qayd etilishicha, Wordleni kuniga bir marta o'ynash mumkin. O'yinchining asosiy vazifasi - besh harfdan iborat so'zni topish. Har kuni yangi, dunyodagi barcha foydalanuvchilar uchun bir xil so’z beriladi. Har bir foydalanuvchiga kun so'zini topish uchun oltita urinish beriladi. O’yin bir necha daqiqa davomida o’ynaladi.
Ushbu o'yin shu qadar mashhur bo'ldiki, u boshqa Google qidiruv so’rovlari reytingiga ham ta'sir qildi.
Qidiruv reytingining ikkinchi o’rinida esa “India vs England” so’rovi joylashdi, u yozda, kriket bo’yicha jahon chempionatining yarim final o’yini chog’ida trendga chiqqan.
Global so’rovlar ro’yxatida uchinchi o’rinni Ukraina egallagan.
Shuningdek, Ukraina so’zi “Yangiliklar” kategoriyasidagi so’rovlar ichida birinchi o’ringa chiqqan. Ikkinchi o’rinda esa Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning o’limi, uchinchi o’rinda — AQSHda noyabrdagi oraliq saylovlar natijalari joylashdi.
“Odamlar” kategoriyasi bo’yicha so’rovlar ichida aktyor Jonni Depp birinchi o’rinni egallagan, u bu yil sobiq rafiqasi Ember Xyord (u shu kategoriyada uchinchi o’rinda) bilan sudlashib, yutib chiqqan edi. Ikkinchi o’rinni esa aktyor Uill Smit egalladi, u “Oskar” marosimida rafiqasining soch turmagi haqida hazil qilgan qiziqchi Kris Rokka (shu kategoriyada beshinchi o’rinda) musht tushirgandi. To’rtinchi o’rinda Rossiya prezidenti Vladimir Putin qayd etilgan.






