GSP+ tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Yevropaga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida standartlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan yigʼilish bo’lib o’tdi.

“Taraqqiyot strategiyamizda eksport hajmini 30 milliard dollarga yetkazish boʼyicha katta marrani belgilab olganmiz. Bunga hamma zaminni yaratib berdik.

Oʼtgan yili GSP+ tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Yevropaga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratildi.

Lekin, oʼtgan bir yil ichida Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadigan mahsulot turlari 79 taga (jami 643 ta), tadbirkorlar soni 102 taga (jami 579 ta) koʼpaydi”, dedi davlat rahbari yigʼilish avvalida.

Oʼsish surʼati juda past ekani qayd etilib, toʼsqinlik qilayotgan asosiy omillar sanab oʼtildi. Bular, jumladan:

standart, sertifikatsiya va laboratoriya masalalariga javob beradigan davlat idoralari eksportni koʼpaytirishni oʼzi uchun ustuvor vazifa, deb qaramayapti;

standart, karantin, veterinariya idoralari hamda gigienik laboratoriyalar yagona siyosat yuritmasdan, tadbirkorga koʼmakchi boʼlmayapti;

hududlarda 150 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etishga ehtiyoj mavjud.