Gurbanguli Berdimuhamedov ham qadimiy Samarqandga tashrif buyurdi

Turkmaniston Parlamentining yuqori palatasi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Turkiy Davlatlar Tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga yetib keldi. Eslatib o'tamiz, Turkmaniston Respublikasi Turkiy Davlatlar Tashkilotining kuzatuvchi davlati sanaladi.
Gurbanguli Berdimuhamedovni Samarqand xalqaro aeroportida O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.
Ma’lumot o’rnida eslatib o’tamiz, 2021-yilning 12-noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahri yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida “Raqamli asrda yashil texnologiyalar va aqlli shaharlar” mavzusi doirasida tashkil etilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining VIII sammitida Turkmaniston Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga kuzatuvchi maqomida a’zolikka qabul qilingan.
O’zbekiston hamda Turkmaniston o’rtasidagi o’zaro munosabatlarga to’xtalar ekanmiz, so’nggi yillarda ikki qardosh davlatlar o’rtasidagi hamkorlik aloqalarining rivoji, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyat sezilarli darajada rivojlanganini ko’rishimiz mumkin.
P.S. Joriy yilning 21-oktabr kuni O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonga tashrif buyurgan edi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida hujjatlarni imzolash va almashish marosimi o’tkazilib, unda O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidenti Strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edilar. Bundan tashqari, ikki mamlakat hukumatlari, vazirlik va idoralari darajasida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligini kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolangan.






