Gvineya terma jamoasi koronavirus tufayli Olimpiada o'yinlaridan voz kechdi

Gvineya sport vaziri Sanussi Bantama Sow mamlakat olimpiya terma jamoasi koronavirus kasalligi keng tarqalgani sababli Tokio-2020 o'yinlarida ishtirok etishdan bosh tortganini aytdi.

"COVID-19 tufayli Gvineya sportchilarining sog'lig'idan xavotirda bo'lgan hukumat, afsuski, Gvineya terma jamoasi Tokio Olimpiadasida qatnashmaslikka qaror qildi", - dedi Sow.

Tokio Olimpiadasida Gvineya uchun beshta sportchi ishtirok etishlari rejalashtirilgan edi: Fatumata Yari Kamara (erkin kurash), Mamadu Samba Ba (dzyudo), Fatumata Lamarana Ture, Mamadu Tairu Ba (ikkalasi ham suzish) va Aissata Din Konte (100 metrga yugurish).

Alohida qayd etish joizki, qabul qilingan qaror Yaponiyaga sayohat xarajatlarini qoplash uchun mablag' yetishmasligi bilan ham bog'liq.