Hali global xatar chekingani yoʼq — JSST rahbari

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining navbatdagi yigʼilishida COVID-19 pandemiyasini tugatish masalasi muhokama qilindi. Qayd etilganidek, avvalroq JSST tomonidan koronavirus boʼyicha eʼlon qilingan favqulodda holat 2023-yilda yakunlanishiga umid bildirilgandi. Аmmo prognozlar oʼzini oqlamadi.

Xitoyda keskin karantin cheklovlari olib tashlangach, kasallanish va oʼlim koʼrsatkichlari soni kutilmaganda keskin oʼsa boshladi. Xususan, 2022-yil dekabr oyi boshidan joriy yil yanvarь oyi oʼrtalarigacha bu yerda COVID-19 tashxisi qoʼyilgan 60 ming nafar bemor hayotdan koʼz yumdi.

Tashkilot rahbari Tedros Gebreyesusning maʼlum qilishicha, bu dunyodagi epidemiologik vaziyatga oʼz taʼsirini koʼrsatmoqda. Jumladan, soʼnggi sakkiz haftada jahon boʼyicha koronavirus tufayli 170 ming kishi vafot etgan va ushbu raqamlar xavotirlanish uchun asosli.

“Hozir pandemiya eʼlon qilingan dastlabki davrlarga nisbatan yaxshiroq vaziyatdamiz. Аmmo hali global xatar chekingani yoʼq. Chunki dunyo aholisi yetarli darajada emlanmagan”,— deydi JSST rahbari.