Hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

15 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxodjayev Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armaning (IFES, Vashington, Kolumbiya okrugi) Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha dasturlari mutaxassislari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda MSK rahbari IFES vakillariga mamlakatda fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bo‘lajak O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi

Fuqarolarning erkin va adolatli saylovlarda ishtirok etish huquqini ta’minlashda Jamg‘armaning o‘rni alohida qayd etildi. IFES tajribasi saylov tizimini mustahkamlash va mahalliy resurslarning salmog‘ini kengaytirishga hissa qo‘shadi, bu esa o‘z navbatida dolzarb masalalarning istiqboldagi yechimlarini topish imkonini yaratadi.

MSK salohiyatini oshirishda MSK a’zolarini o‘qitish orqali kasbiy etika tamoyillarini ilgari surish, saylov komissiyalari xodimlarini saylov jarayonini boshqarishga oid, saylovning ochiqligini ta’minlash va barcha saylovchilarga sharoit yaratish kabi barcha masalalar bo‘yicha o‘qitish, aholi, ayniqsa, yoshlarning huquqiy madaniyatini oshirish, saylovchilarni ro‘yxatga olish tizimini takomillashtirishda texnik yordam ko‘rsatish yo‘li bilan saylovchilarga ovoz berishda qatnashish imkoniyatini yaxshilash bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar MSK va Jamg‘arma o‘rtasida yanada tizimli aloqalarni rivojlantirish zarurligi to‘g‘risida o‘zaro fikr bildirdilar.