Hamma buyuklik niyatdan keladi, mehnatdan keladi

 
 
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʼmondoni Shavkat Mirziyoyev 7 - yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy taʼlim muassasalari majmuasiga tashrif buyurdi.
 
Davlatimiz rahbarining 2019 - yil 28 - iyundagi qarorida oʼsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar tayyorlash boʼyicha yangi tizim belgilangan edi. Unga muvofiq, Oʼzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiya tarkibida “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari tashkil etildi.
 
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Temurbeklar maktabi uchun poytaxtimizning Yunusobod tumanida yangi bino qurildi.
 
Tashrif chogʼida Prezidentimizga harbiy-akademik litseydagi oʼqitish tizimi haqida maʼlumot berildi.
 
Temurbeklar maktabida: aniq fanlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar, psixologiya va tarbiya fanlari hamda kasbiy-amaliy fanlar kafedralari ochilgan. Ularga yuqori malakali pedagoglar ochiq tanlov asosida qabul qilingan.
 
Litsey tarix fani va xorijiy tillarga ixtisoslashgan. Yoshlar orasida bu yerda oʼqishga intilish juda kuchli. Joriy oʼquv yilida 5 ming 600 nafar talabgordan eng bilimli 100 nafari saralab olingan. Bugungi kunga ushbu dargohda 220 nafar oʼquvchi saboq olmoqda.
 
Prezident lingafon, psixodiagnostika va maʼnaviyat xonalarini ko’zdan kechirdi hamda Аmir Temur merosini oʼrganish markazida yoshlar bilan suhbatlashdi.
 
"Mana shunday ilgʼor maktabda oʼqiyotganingiz bilan sizlarni, ota-onalaringizni tabriklayman. Sizlar yangi Oʼzbekistonning qanotisizlar. Bu qanotlar nima bilan kuchli boʼladi? Bilim bilan! Kamida ikki-uchta tilni, aniq fanlarni va tariximizni mukammal bilishingiz kerak. Mana, bu maktabga psixologiya fanini ham kiritdik, uni ham yaxshi oʼrganing. Sizlarda hamma imkoniyat bor", - dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Shu yerda videokonferentsiya orqali Toshkent, Nukus, Fargʼona va Shahrisabz shaharlaridagi Temurbeklar maktabi oʼquvchilari bilan ham muloqot boʼldi.
 
Ushbu maktablar oʼquvchilari oʼrtasida maʼnaviyat boʼyicha tanlov oʼtkazish, Temur tuzuklarining har bir tuzugi boʼyicha ilmiy sharhlar yozish muhimligi taʼkidlandi.
 
Davlatimiz rahbari litsey kutubxonasida ham boʼldi. U yerda kitob oʼqiyotgan yigitlar taʼlim maskanida yaratilgan sharoitlar, oʼquvchilar oʼrtasidagi doʼstona muhit haqida soʼzlab berdi. Ular orasida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari ham bor.
 
"Mamlakatimizda hech bir bola eʼtibordan chetda qolmaydi, hammasining rivojlanishi uchun sharoit yaratayapmiz. Faqat qaysi yosh oʼzini qiynab, vaqtini bekor oʼtkazmay, koʼproq bilim olsa, kelajakda muvaffaqiyatga erishadi. Hamma buyuklik niyatdan keladi, mehnatdan keladi", - dedi Prezident.
 
Litseyning oʼquv binosi, sport zali, yotoqxona, oshxona, tibbiy xizmat markazida eng zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, majmua harbiy mashgʼulotlar maydoni, stadion, suv havzasi, avtodrom va platsni oʼz ichiga olgan.
 
Temurbeklar maktabining Аmir Temur nomidagi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi bilan yonma-yon barpo etilgani ham ahamiyatli. Bu yerda talabalar va oʼquvchilar hamohang muhitda, ustoz-shogird, aka-uka boʼlib kamolga yetadi.
 
Prezident ushbu akademiyadagi sharoitlarni ham koʼzdan kechirdi.