Hamshiralarni tayyorlash tizimi yangilanadi

Xorijiy hamkorlar bilan xalqaro ilgʼor tajriba asosida hamshiralarni tayyorlashning yangi maktabi yaratiladi.

Shavkat Mirziyoev:

"Bizda hamshira deganda, koʼz oldimizga faqat “ukol” qilishni biladigan tibbiyot xodimlari keladi. Lekin, sogʼliqni saqlash tizimi rivojlangan mamlakatlarda esa, oʼrta tibbiyot xodimlarining bilim darajasi, malakasi va masʼuliyati vrachlardan kam emas. Bizda esa hamma masʼuliyat shifokorlar zimmasida qolib ketgan. Shu bois, tizimda vrachlar yetishmaydi. Oʼrta tibbiyot xodimlari soni esa, ehtiyojdan ortiq darajada, yaʼni soni koʼp, xizmat sifati past.

Misol uchun, joriy yilda 20 ming nafar, 2023-yilda 34 ming nafar yoshlar tibbiyot kolleji va texnikumlarini tugatadi. Qayerda ularni ishlatamiz? Sohada oʼrta tibbiyot xodimlariga boʼlgan ehtiyoj yiliga oʼrtacha 10 ming nafarni tashkil etadi, xolos.

Bu masalani toʼgʼri hal qilish uchun oʼtgan yili oilaviy shifokorlarning 60 dan ziyod funksiyasidan 25 tasini hamshiralarga oʼtkazish, buning uchun ularni oʼqitish tizimini qayta koʼrib chiqish boʼyicha qaror qabul qilgan edik.

Lekin, 11 ta tibbiyot oliygohi va 27 ta tibbiyot kolleji hamda 47 ta texnikum bir-biridan ajragan holda faoliyat yuritib kelgani sababli oʼrta tibbiyot xodimlarini tayyorlashda sifat oʼzgarmayapti.

Shu bois, oʼrta tibbiyot xodimlarini tayyorlash tizimi ham qayta koʼrib chiqilib, tibbiyot kollejlari va texnikumlari transformatsiya qilinadi.

Bunda xorijiy hamkorlar bilan xalqaro ilgʼor tajriba asosida hamshiralarni tayyorlashning yangi maktabi yaratiladi. Oddiy qilib aytganda, jarrohlik amaliyotidan keyingi muhim jarayon, yaʼni bemorning “oyoqqa turishi” uchun (intensiv terapiya va reabilitatsiya) barcha davolash ishlarini bajara oladigan malakali hamshiralarni tayyorlash tizimi yoʼlga qoʼyiladi.

Endi, barcha tibbiyot kollejlari va texnikumlari, oliy taʼlim muassasalariga biriktiriladi. Oliygohlar taʼlim va amaliyot sifati uchun bevosita masʼul boʼladi.