Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-yanvar kuni Oʼzbekistonning 2022-2026 - yillarga moʼljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʼilishi oʼtkazildi.
Bugun 35 milliondan ziyod koʼpmillatli xalqimiz rivojlangan davlatlarga xos hayot darajasiga erishish, adolatli, erkin va farovon jamiyat qurishdek ulugʼ maqsadlar bilan yashamoqda. Shundan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev oʼtgan yilgi Prezident saylovida “Inson qadri uchun”, “Davlat – inson uchun” degan gʼoyalarni ilgari surgan edi. Ularni hayotga tatbiq etish maqsadida, aholining fikr va takliflari asosida 2022-2026 - yillarga moʼljallangan taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi.
Ushbu dasturiy hujjatda yaqin va oʼrta istiqbolda mamlakatimizning rivojlanish tendentsiyalari qanday boʼlishi, bu boradagi ustuvor vazifalar belgilangan. “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosida islohotlarning uzviyligi va davomiyligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.
Joriy yilgi “Inson qadrini ulugʼlash va faol mahalla yili” boʼyicha davlat dasturi loyihasi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan. Ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olingan. Ular tasniflanib va umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan toʼldirilgan.
Davlatimiz rahbari xalqimizga bunday faolligi, islohotlarga ishonchi va daxldorligi uchun minnatdorlik bildirdi.
Taraqqiyot strategiyasi 7 ta ustuvor yoʼnalish va 100 ta maqsaddan iborat. Bular:
I. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
II. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
III. Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʼsish surʼatlarini taʼminlash;
IV. Аdolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
V. Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;
VI. Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;
VII. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish.
Taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirish boʼyicha Davlat dasturida umumiy qiymati 55 trillion soʼm va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbir koʼzda tutilgan.
Prezidentimiz 7 ta ustuvor yoʼnalishning har biriga alohida toʼxtalib, eng muhim jihatlarini aytib oʼtdi.
– Hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz. Hammamiz bir kuch, bir qudrat boʼlib xalqimizga xizmat qilishimiz kerak, – deya ta'kidladi Prezidentimiz.






