Himoyaga muhtoj bolalar - ekspertlar e'tibor markazida

 
2022 - yil 6 - yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʼmitasi UNICEF koʼmagida ijtimoiy zaif bolalar himoyasiga bagʼishlangan davra suhbatini oʼtkazdi.
 
Tadbir Oliy Majlisning Bola huquqlari boʼyicha vakili hamda Mahalla va oilani qoʼllab-quvvatlash vazirligi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.
 
Davra suhbatining maqsadi ixtisoslashtirilgan oʼquv-tarbiya muassasalariga bolalarni joylashtirishning oldini olish hamda ularni oilalari va hamjamitlariga tegishli ravishda reintegratsiyasi sohasida erishilgan yutuqlar va olingan saboqlarni sarhisob qilishdan iborat.
 
"Ixtisoslashtirilgan oʼquv-tarbiya muassasalaridagi bolalar ahvolini baholash ularning aksariyati qiyin hayotiy sharoitdagi oilalardan ekanligini koʼrsatadi. Bunday oilalarning asosiy muammolari moddiy qiyinchiliklar, spirtli ichimliklar va psixoaktiv moddalarni isteʼmol qilish, doimiy ish bandligining yoʼqligi, oila aʼzolar oʼrtasida jiddiy ruhiy kasalliklar bilan bogʼliq", — dedi Senatning Fan, taʼlim va sogʼliqni saqlash masalalari qoʼmitasi raisi Odiljon Iminov. "Аgar diqqatimizni qiyin ahvoldagi oilalarni erta aniqlashga qaratsak hamda oilalar bilan profilaktika ishlarini olib borsak, mahalla va maktablarda ishlarimizni kuchaytirsak, bolalar himoyasi va ularning farovonligini oshira olamiz. Bu, oʼz navbatida, qiz va oʼgʼil bolalarning oilasidan zaruratsiz ajratishni va bolalarni ixtisoslashgan muassasalarga joylashtirishni kamaytirishga xizmat qiladi", — taʼkidladi u.
 
"Bolalarning eng yaxshi manfaatlarini koʼzlagan samarali reintegratsiya hamjamiyat darajasidagi profilaktika va qoʼllab-quvvatlash xizmatlarini ishlab chiqish va ularni joriy etishni talab qiladi. Barcha bolalarni, jumladan qonun bilan ziddiyatdagi bolalarni oilalaridan ajratish va internat muassasalariga joylashtirishning oldini olish uchun erta aniqlash, yoʼnaltirish va kompleks ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish shular jumlasiga kiradi",- deya fikr bildirdi UNISEFning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.