Hind sarmoyasi ishtirokidagi 22 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari davom etmoqda

O'zbekiston hukumati delegatsiyasi tashrifining tadbirlarga boy dasturi doirasida Dehli shahrida O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.Xodjayevning Hindiston sog'liqni saqlash va oila farovonligi, kimyo va o'g'itlar vaziri Mansuh Mandaviya bilan muzokaralari bo'lib o'tdi.
Suhbat chog'ida tomonlar ikki mamlakat rahbariyati ko'magida strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini va bugungi kunda deyarli barcha sohalarni qamrab olganini ta'kidladilar. Hind kompaniyalari tomonidan O'zbekiston hududida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari, boshqa yo'nalishlar qatorida, sog'liqni saqlash va farmatsevtika sohalarini qamrab olgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, hozirgi vaqtda hind sarmoyasi ishtirokidagi 22 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish doirasida O'zbekiston tomoni sa'y-harakatlarni dori vositalari ishlab chiqarishga mo'ljallangan qo'shma loyihalarni tashkil qilishga yo'naltirishni taklif etdi. Shuningdek, bugungi kunda bemorlar uchun eng zarur bo'layotgan tibbiyot yo'nalishlari, ya'ni jarrohlik, ortopediya va radiologiya yo'nalishlari bo'yicha o'zbek mutaxassislari uchun o'quv kurslarini tashkil qilish muhimligi qayd etildi.






