Hindiston tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv

Joriy yilning 19-dekabr kuni Dehli shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov hamda Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi.

TIV ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv davomida ikki davlat tashqi ishlar idoralari rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning ustuvor masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Tomonlar O‘zbekiston va Hindiston rahbarlarining muntazamlik kasb etgan muloqoti ikki tomonlama munosabatlarda yangi sur’atga ega bo‘lganligini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Suhbat davomida Vazirlar turli darajadagi bo‘lajak uchrashuvlar jadvalini ko‘rib chiqdilar. Hamda, 2022 yilda Dehli shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish taklifini ilgari surdilar.