Hindiston yaqinda aholi soni boʻyicha Xitoyni ortda qoldiradi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, Hindiston 2023-yilning oʻrtalarida Xitoydan oʻzib ketib, dunyoning eng koʻp aholisiga ega davlatga aylanadi. Oʻshanda uning aholisi taxminan Xitoydan 2,9 mlnga koʻp boʻlishi mumkin.

Prognozlarda keltirilishicha, bir necha oydan soʻng Hindiston aholisi taxminan 1,4286 milliardga yetadi, biroq mamlakatda 2011-yildan beri aholini rasman ro'yxatga olish amalga oshirilmagani uchun bu aniq hisob boʻlmasligi mumkin.

Maʼlumot uchun, Xitoy 1950-yillar ya'ni BMT aholi soni bo'yicha ma'lumotlarni e'lon qila boshlagandan buyon dunyoda aholi soni boʻyicha yetakchi davlat hisoblanadi.

Ayni vaqtda har ikki davlatda 1,4 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladi va ular birgalikda dunyodagi 8 milliard odamning uchdan biriga toʻgʻri keladi.