Hindistonda o‘zbek-hind harbiy mashg‘ulotlari boshlandi

Mamlakatimizning 45 nafar harbiy xizmatchilari 2023-yilning fevral-mart oylarida “Do‘stlik-2023” birgalikdagi o‘zbek-hind o‘quvida ishtirok etish uchun Hindistonga bordi.

Mashg‘ulotlar Uttarakxand shtatining Pitxoragarx shahridagi tog‘li hududda joylashgan Garhwal Rifles14-bataloni bazasida o‘tkaziladi. Qo‘shma manevrlar 5-martga qadar davom etadi.

O‘zbekiston va Hindiston respublikalari o‘rtasidagi harbiy hamkorlik 2019-yilda, ya’ni Toshkent harbiy okrugi hududidagi umumqo‘shin poligonida birinchi marotaba o‘tkazilgan “Do‘stlik” hamkorlikdagi o‘zbek-hind o‘quv mashg‘ulotlaridan so‘ng yangi bosqichga ko‘tarilgan edi.

Shundan so‘ng, ushbu o‘quv mashg‘ulotlarining ikkinchisi 2021-yilda Hindistondagi Utaranchal shtati, Ranikxet provinsiyasi hududida joylashgan “Chaubatiya” o‘quv markazida o‘tkazilgan bo‘lib, Hindiston bilan harbiy aloqalarni yanada mustahkamlash, jangovar operatsiyalarni rejalashtirish va olib borishda ilg‘or tajribalar bilan almashish imkonini yaratgan edi.