Hokim o'rinbosarlari faoliyati KPI asosida baholanadi

Vazirlar Mahkamasi samaradorlikning asosiy ko'rsatkichlari (KPI) asosida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar o'rinbosarlari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o'rinbosarlari faoliyatini baholash tartibini joriy etish to'g'risida qaror qabul qildi.

Mahalliy ijro etuvchi organlar rahbarlarining o'rinbosarlari faoliyati samaradorligining funksional vazifalari va eng muhim ko'rsatkichlari to'g'risidagi namunaviy Nizom tasdiqlandi:

asosiy vazifalar va funksiyalar;
huquqlar, vakolatlar va shaxsiy javobgarlik;
faoliyatni tashkil etish va uni baholash;
mahalliy hokimliklar rahbarlarining o'rinbosarlari faoliyati samaradorligining asosiy ko'rsatkichlari.
Namunaviy Nizom asosida viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga quyidagilar topshirildi:

2021-yil 10-sentabrgacha hokimning har bir o'rinbosarining funksional vazifalari to'g'risidagi nizomlarni tasdiqlasin;
2021-yil 1-oktabrga qadar hokim maslahatchilarining, jumladan, mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari, tuman (shahar) hokimlari va ularning o'rinbosarlarining funksional majburiyatlari to'g'risidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.