Hokimiyat vakiliga qarshilik koʼrsatganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Senatning 19-yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksiga oʼzgartishlar kiritish haqida”gi Oʼzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama markazida boʼldi.

Taʼkidlanishicha, oʼtgan yillar mobaynida mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlashning mutlaqo yangi mexanizmlarini joriy etish hamda aholida shaxsiy xavfsizlik hissini shakllantirish borasida tizimli va samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ushbu Qonun ana shu islohotlarni yana bir bor mustahkamlashga qaratilgan.

Qonun bilan nazarda tutilgan birinchi yoʼnalish – JKning hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik koʼrsatish, yaʼni xizmat vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakilining qonuniy faoliyatiga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga faol qarshilik koʼrsatish bilan bogʼliq jinoyatning jazo choralari kuchaytirilmoqda.

Ikkinchi yoʼnalish esa MJTK ichki ishlar organlari xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi)ning qonuniy talablarini bajarmaganlik, ularning oʼz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʼrsatganlik va hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga toʼsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi oʼzgartishlar kiritilmoqda.

Mazkur Qonun bilan mamlakatimizda Jinoyat Kodeksida hokimiyat vakiliga qarshilik koʼrsatganlik uchun javobgarlikni belgilash orqali hokimiyat vakillarining huquqiy himoyasi taʼminlanadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.