Hukumat davlat funktsiyalarini xususiy sektorga oʼtkazish tartibini tasdiqladi

Hukumat qarori bilan davlat funktsiyalarini xususiy sektorga oʼtkazish tartibi toʼgʼrisidagi nizom tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi (vakolatli organ) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda har yili 15-fevralgacha davlat boshqaruvidagi samarasiz hamda eksklyuziv funksiyalarni toʼliq xatlovdan oʼtkazadi, 20-martgacha aniqlangan samarasiz davlat funktsiyalarini xususiy sektorga oʼtkazish imkoniyatini tahlil qiladi.
Shuningdek, vazirlik 20-maygacha xususiy sektorga oʼtkazish imkoniyati mavjud boʼlgan davlat funksiyalarining iqtisodiy samaradorligini tahlil qiladi va xususiy sektorga oʼtkazilishi taklif etilayotgan davlat funksiyalarining yakuniy roʼyxatini shakllantiradi, 1-iyulgacha jamoatchilik muhokamasini oʼtkazib, davlat funksiyalariga oʼxshash boʼlgan faoliyat tajribasiga ega xususiy sektor subʼektlarining dastlabki roʼyxatini shakllantiradi.
1-avgustgacha xususiy sektorga oʼtkazish tavsiya etilgan davlat funksiyalari roʼyxati tuziladi va tegishli xulosalar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi,
Bundan tashqari, 1-oktyabrgacha hukumat tomonidan maʼqullangan davlat funksiyalarini xususiy sektorga oʼtkazish boʼyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.
Unga ko‘ra, funksiyalarining yagona reyestrini shakllantirish va yuritib borishga qaratilgan elektron maydoncha yaratiladi.
Davlat funksiyalari autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish hamda boshqa mexanizmlarni qoʼllagan holda xususiy sektorga oʼtkaziladi.






