Huquqbuzarliklar haqida xabar berganlarga qancha miqdorda rag'batlantirish to'lanadi?

Hukumat qaroriga ko'ra, moddiy madaniy meros ob’ektlarini hamda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida huquqbuzarlik holatlari bo‘yicha fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar BHMning 1 baravariga teng (270 ming so‘m) miqdordagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Materiallarda quyidagilar aniq aks ettirilishi lozim:

sodir etilgan huquqbuzarlik;
huquqbuzarlik sodir etgan shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar (agar mavjud bo‘lsa);
madaniy meros ob’ektining nomi (tegishli huquqbuzarlik bo‘yicha);
huquqbuzarlik sodir etilgan manzil, sana va vaqt.
Foto va videomateriallarga har qanday tarzda o‘zgartirishlar kiritish taqiqlanadi.
Huquqbuzarlik aks ettirilgan foto va videomateriallarni yuborgan shaxslar:

daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha – BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida;
ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi boshqa huquqbuzarlik bo‘yicha – huquqbuzardan undirilgan jarima miqdorining 15 foizi miqdorida;
moddiy madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi huquqbuzarlik bo‘yicha – BHMning 1 baravari (270 ming so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Rag‘batlantirish:
- huquqbuzarlik bo‘yicha birinchi xabar bergan shaxsga nisbatan qo‘llaniladi;
- huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan keyin kelib tushgan xabarlar bo‘yicha amalga oshirilmaydi.