Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi sotuvga qo'yildi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasini oshkora raqobat tamoyillariga asoslangan savdo jarayoni orqali sotilishini e’lon qildi.
Ushbu Savdo jarayoniga “KPMG Valuation and Consulting” MCHJ, aktivni xususiylashtirish bo‘yicha eng yaxshi takliflarni tanlash asosida, eksklyuziv moliyaviy maslahatchi sifatida jalb etilgan.
Mehmonxona haqida qisqacha ma’lumot:
Besh yulduzli “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasi 2016 yilda Toshkent markazida tashkil topgan va “Hyatt” xalqaro brendining O‘zbekistondagi birinchi mehmonxonasiga aylangan.
U O‘zbekistonda xalqaro mehmonxonalar tarmog‘i boshqaruvida bo‘lgan yagona besh yulduzli mehmonxonadir.
Mehmonxona shahar markazida, Toshkentning asosiy diqqatga sazovor joylariga qulay va yaqin masofada joylashgan.
Umumiy yer maydoni 3,1 gektar, bino va inshootlar maydoni 60,1 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Mehmonxona 8 qavatdan iborat bo‘lib, mijozlar uchun 300 ta xona, jumladan, 248 ta standart va 52 ta luks/yarim luks xonalarni mavjud.
Mehmonxona hududida xalqaro sifat standartlari darajasida jihozlangan turli sig‘imdagi bir nechta konferensiya zallari, shuningdek, 850 kvadrat metr maydonga ega banket zali, yopiq basseyn va SPA markazi mavjud.






