Ibrohim Raisiy davlatimiz rahbarini Eronga taklif qildi

Samarqanddagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralarda Prezidentlar ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va madaniy-gumanitar sohalarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Joriy yilda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, biznes va fan-innovatsiya forumlari o‘tkazildi, Qo‘shma investitsiya qo‘mitasi ta’sis etildi. Ikki tomonlama savdoni yanada ko‘paytirish, yaqin istiqbolda tovar ayirboshlashni 1 milliard dollarga yetkazish uchun keng imkoniyatlar borligi qayd etildi. Shu maqsadda tegishli “yo‘l xarita”si ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolash ko‘zda tutilgan.

Transport-logistika sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. “O‘zbekiston – Turkmaniston - Eron” yo‘li orqali avtotransportda yuk tashishni yo‘lga qo‘yish, “Chobahor” porti salohiyatidan samarali foydalanish, yuklar olib kirilishi va tranziti sharoitlarini yengillashtirish bu boradagi imkoniyatlarning kengayishiga xizmat qilishi aytib o‘tildi. Afg‘oniston mavzusi yuzasidan ham fikr almashildi.

Ibrohim Raisiy O‘zbekiston Prezidentini o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan Eronga borishga taklif etdi.