IHTT bilan taʼlim sohasi masalalari muhokama qilindi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʼrinbosari А.Voitov joriy yilning 10-13-aprel kunlari Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) bosh kotibining taʼlim siyosati boʼyicha maxsus maslahatchisi – Taʼlim va koʼnikmalar departamenti direktori Аndreas Shlyayxer bilan muzokaralar oʼtkazdi.

Аndreas Shlyayxer mamlatimizda taʼlim sohasidagi xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʼrish va unda Oʼzbekistonning ishtirokini taʼminlash yuzasidan tashrif buyurgan.

Shuningdek, tashrifdan maqsad, oʼquvchilarni baholash xalqaro dasturi (PISA) boʼyicha Oʼzbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish hamda IHTT bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini kengaytirishdir.

Uchrashuv davomida taʼlim sifatini nazorat qilish masalalari, PISA dasturini amalda bajarish choralari, talabalarga bilimlardan foydalanish, iqtisodiyot va ishlab chiqarish sohasidagi amaliy muammolarni hal qilishda alohida yordam koʼrsatish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, suhbat davomida aholining taʼlim xizmatlaridan keng foydalanish imkoniyatini taʼminlash, ularning sifatini oshirish va milliy taʼlim tizimining faoliyatini yaxshilash, shu jumladan IHTT ning maqsadli dasturlari orqali ushbu sohaga qoʼshimcha investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari koʼrib chiqildi.

Maʼlumot uchun: Oʼquvchilarni baholash xalqaro dasturi (PISA) 15 yoshli oʼquvchilarning oʼqish, matematika va tabiiy fanlarda savodxonligini turli testlar yordamida baholashga qaratilgan. Mazkur loyiha yoshlarning ijodiy va tanqidiy fikrlashi, olgan bilimlarini amalda qoʼllay olishlariga baho beradi va bu koʼnikmalarni rivojlantirishga undaydi.