Ijtimoiy soha obyektlarida muqobil energiya uskunalari o’rnatiladi

Yigʼilishda ijtimoiy soha obyektlarida ham bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalarini oʼrnatish muhimligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga kelgusi yil Investitsiya dasturi mablagʼlarining kamida 15 foizini shunday qurilmalarni oʼrnatishga yoʼnaltirish topshirildi.
Bunda, yil yakuniga qadar 2 107 ta bogʼchada, 1 ming maktabda, 1 071 ta oilaviy shifokor punkti, poliklinika va shifoxonalarda, 1 ming mahallada tashkil etilayotgan yangi tibbiyot punktlarida, 200 ta sanatoriy va boshqa dam olish maskanlarida quyosh elektr panellari va suv isitish qurilmalari oʼrnatiladi.
Shu bilan birga, 2023-yildan:
savdo-koʼngilochar komplekslar, madaniyat va istirohat bogʼlari, restoranlar, mehmonxonalar;
supermarketlar, doʼkonlar, bozorlar, savdo omborlari;
avtomobillarga gaz va yoqilgʼi quyish stantsiyalari;
aeroport, temir yoʼl va avtobus vokzallari;
xususiy taʼlim va tibbiyot tashkilotlari;
tijorat banklari va ularning filiallari kamida 25 foiz issiq suv isteʼmoli va tashqi yoritishni muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.






