Ilon Maskning Kaliforniyadagi uyi sotuvga qo‘yildi

Bu haqda milliarder iyun oyida xabar bergan edi, ammo xaridorlar topilmagani bois, uyning narxi arzonlashdi.

Ilon Maskning Kaliforniyadagi uyining narxi arzonlashdi, u ilgari ham bu uyni sotuvga qo‘ygan edi, deb xabar bermoqda Zillow ko‘chmas mulk portali.
Uyning hozirgi kundagi narxi $31,99 mlnni tashkil etmoqda. Bloomberg’ning xabariga ko‘ra, uyning narxi 15% ($5,5 mlnga) pasaygan.

San-Fransisko ko‘rfazi hududida joylashgan uy 1912-yilda qurilgan. Ilon Mask ushbu uyda asosan tadbirlar uyushtiradi. Uy 2017-yil $23,4 mlnga sotib olingan. Bloombergning yozishicha, bu uy Maskning ohirhi uyi, uning savdosi haqida Mask iyun oyida e’lon qilgan edi. O‘shanda uyning boshlang‘ich narxi $37,5 mln etib belgilangan edi.

"Bu uyda katta oila yashashi kerak. Bu alohida joy", deb yozadi Tesla asoschisi Twitterda.

Mask Tesla’ning shtab-kvartirasini Kaliforniyadan Texasga ko‘chirishni e‘lon qilganidan bir necha kun o‘tgach, uyning narxi tushib ketdi. Kompaniyaning yangi bazasi Ostinda joylashadi, u yerda Mask montaj zavodini qurishni rejalashtirmoqda.

Texasda milliarder o'zining SpaceX kompaniyasidan ijaraga olgan kichik uyda yashaydi.
Ma’lumot uchun Ilon Mask dunyodagi eng boy hisoblanadi, uning boyligi taxminan $206,6 mlrdga teng.