Indoneziya Putin va Zelenskiyning uchrashuvini tashkillashtirishga tayyorligini bildirdi

“Indoneziya Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning 15-16-noyabr kunlari Balida boʻlib oʻtadigan G20 sammiti doirasida uchrashuv oʻtkazishidan manfaatdor”,- deya ma’lum qildi Indoneziyaning Rossiyadagi elchisi Xose Tavares.
"Indoneziya Prezidenti tomonidan Rossiya va Ukraina Prezidentlariga taklifnomalar ancha oldin yuborilgan edi. Agar ular Balidagi G20 sammitida ishtirok etsalar, albatta (uchrashuvni tashkil qilish) imkoniyati mavjud. Indoneziya esa bunday uchrashuvni oʻtkazishga tayyor, agar Prezidentlar tashrif buyursa, albatta uchrashuv o’tkazilishi tarafdorimiz”,- dedi u.
Shuningdek, Indoneziya Rossiya prezidenti G20 sammitida shaxsan ishtirok etsa, uning xavfsizligini ishonchli taʼminlashga tayyor, deydi Tavares.
Ma’lumot o’rnida, G20 sammiti Indoneziyaning Bali orolida 15-16-noyabr kunlari yuzma-yuz formatda boʻlib oʻtadi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq aytganidek, Putinning Indoneziyadagi G20 sammitida qatnashishining to‘liq yoki sirtqi formati bo‘yicha qaror hali qabul qilinmagan.






