Innoprom - Rossiya va O’zbekiston hamkorligining yangi platformasi

Joriy yilning 25-27-aprel kunlari Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” ko‘rgazmalar majmuasida Rossiyaning Sanoat va savdo vazirligi hamda Oʻzbekistonning Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan "Innoprom" Central Asia xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.
Ko’rgazmaning maqsadi:
Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish;
Sanoat rivojlanishining yangi nuqtalarini aniqlash;
Ishbilarmonlik aloqalarini o'rnatish va mustahkamlash;
Qo'shma korxonalarni tashkil etishdan iborat.
Mazkur ko’rgazma doirasida:
Xalqaro miqyosdagi keng ko'lamli ekspozitsiya doirasida mahsulotlarning taqdimoti;
Biznes dasturining tematik sessiyalarida ishtirok etish;
Ko'rgazmaning kommunikatsion platformasida biznes loyihalar taqdimoti;
B2b uchrashuvlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Xalqaro ko'rgazma, mashinasozlik, metallurgiya, energetika, kimyo, farmatsevtika va tibbiy mahsulotlar hamda sanoatni avtomatlashtirish kabi yo’nalishlarni qamrab olgan bo’lib, unda Rossiya, O‘zbekiston, Fransiya, Belarus, Qozog‘iston, Turkiya va Germaniyadan 200 dan ortiq – yirik kompaniyalar hamda o‘rta va kichik biznes vakillari o‘z mahsulotlarini namoyish etadilar.
Ko’rgazmada Markaziy Osiyo mamlakatlari: O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston hamda Pokiston davlat organlari vakillari va 10 mingdan ortiq xaridorlar mehmon sifatida ishtirok etishlari kutilmoqda.
P.S. Oʻtgan yili boʻlib oʻtgan "Innoprom" koʻrgazmasida Oʻzbekistonning 14 ta hududidan 1000 dan ortiq korxonalar ishtirok etgan. Shuningdek, Rossiyaning 13 ta hududidan 300 ta kompaniya qatnashib, 10 mingdan ortiq mehmonlar e’tiborini qozongan.






