Innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish bo'yicha joriy vazifalar belgilandi

Joriy yilning 25-iyul kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.Xodjayev rahbarligida videokonferensaloqa tarzida respublikada innovatsiyalarni joriy qilishga qaratilgan faoliyatning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.

Muloqotda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, mahalliy hokimiyat organlari, shuningdek, oliy o'quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot markazlari rahbarlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilar diqqat markazida 2022-2026-yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlanish strategiyasining bajarilishi bo'ldi. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmoni bilan tasdiqlangan ushbu dasturiy hujjat aniq maqsadli parametrlarni o'z ichiga olganligi ta'kidlandi.

Xususan, 2026 – yilda O'zbekiston dunyoning eng innovatsion 50 mamlakat ro'yhatiga kirishi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning turli tarmoqlarida 1700 dan ortiq innovatsion loyihalar amalga oshirilishi, innovatsion faoliyat subyektlari soni 613 tadan 2250 taga, innovatsion infratuzilma subyektlari soni esa 3 baravar ko'payishi kutilmoqda. Shuningdek, innovatsiyalarni joriy etishni nazarda tutuvchi investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilayotgan yangi ish o'rinlari soni 4 barobar oshishi nazarda tutilgan.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun tadbirkorlar, tarmoq birlashmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va ta'lim markazlari o'rtasida tizimli hamkorlikni yo'lga qo'yish zarurligi ta'kidlandi.