Innovatsion rivojlanish vaziri Braziliyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

Innovatsion rivojlanish vazirligi binosida vazir I.Abdurahmonov Braziliyaning O‘zbekistondagi elchisi Rodrigo De Lima Baena Soares bilan muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuv davomida Ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi amalga oshirilayotgan hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Braziliya ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ikki davlatning soha vazirlari o‘rtasida muloqotni tashkillashtirish ishlarini amalga oshirishga kelishildi.

Tomonlar O‘zbekiston va Braziliya olimlari o‘rtasida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va ikki davlatning tegishli tashkilotlari o‘rtasida qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovlarini e'lon qilish masalasini o‘rganadi.

Ikki davlat texnoparklari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va O‘zbekistonlik yosh olimlarni Braziliyaning ilg‘or ilmiy muassasalarida malaka oshirishini tashkil etish ishlarini o‘rganishga kelishildi. Bundan tashqari qishloq xo‘jaligi va moliya sohalariga innovatsiyalarni joriy qilishda hamkorlikni kengaytirish ham ko‘zda tutilmoqda.

Braziliyaning O‘zbekistondagi elchisi Rodrigo De Lima Baena Soares Innovatsion rivojlanish vazirligining Braziliya bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun imkoniyatlar ko‘lamini yuqori baholadi va muhokama etilgan yo‘nalishlarda hamkorlikda ishlash bo‘yicha vazirlikka ko‘makdosh bo‘lishga tayyorligini bildirib o‘tdi.