Innovatsion rivojlanish vaziri yosh olimlarni qabul qildi

Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Аbdurahmonov ijtimoiy tarmoqlarda yosh tadqiqotchilarning muammolari borligi va shu borada uchrashuv tashkil etishni soʼragan yoshlarni qabul qildi.

Tadqiqotchilar ilmiy-tadqiqot institutlarida kichik ilmiy xodimlarning maoshlari kamligi bois qoʼshimcha ishlar bilan shugʼullanishlari va shu tufayli ilmiy tadqiqotlarga vaqt ajrata olmayotganlaridan shikoyat qildilar. Shuningdek, ular uy-joy sotib olishda qiynalayotganlarini ham aytib, bu borada yordam soʼradilar.

Shuningdek, uchrashuvda yosh tadqiqotchilar uchun hozirda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yiliga ikki marta «Boʼlajak olim» tanlovi eʼlon qilinayotgani, bunda yoshlar soddalashtirilgan mexanizm asosida, yaʼni xalqaro jurnallarda maqola chop etmay, ilmiy unvonga ega boʼlmasdan grant mablagʼlarini qoʼlga kiritishlari mumkinligini aytib oʼtildi. Bu imkoniyatdan nafaqat mazkur uchrashuvga tashrif buyurgan tadqiqotchilar, respublikamizning barcha yoshlari foydalanishlari mumkinligi alohida taʼkidlandi.

Maoshlarni koʼtarish boʼyicha amaliy yechim sifatida, murojaatchi-yoshlarga vazirlik xodimlari biriktirilib, qisqa muddatda «Boʼlajak olim» dasturiga oʼz loyihalarini tayyorlashga koʼmaklashish va qisqa muddatda koʼrib chiqilib, moliyalashtirish topshirigʼi berildi. Bunda har bir yosh olim oʼz oylik maoshiga qoʼshimcha olishlari va atrofidagi yoshlarni ham ishga olishlari mumkinligi tushuntirildi.

Uy-joy uchun subsidiya uchun hujjatlar topshirishlari mumkinligi qayd etildi. Deputat Sh. Аlibekov subsidiya uchun hujjatlarni tayyorlashda yordam koʼrsatishga vaʼda berdi.