Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining Ozarbayjonga tashrifi

14-dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Ozarbayjon Respublikasi poytaxti Baku shahriga tashrifi amalga oshirildi.
Dastlab Ozarbayjonning Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligida hamkorlik uchrashuvi tashkil etilib, unda O'zbekiston tomonidan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi ijro etuvchi direktori B.Oxunov, Yashnobod innovatsion texnoparki direktori Sh.Sharifov va Ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig'i F.Xodjayevalar qatnashdi.
Uchrashuvda Ozarbayjon tomonidan Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi ijro etuvchi direktor vazifasini bajaruvchi Inara Valiyeva va Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi maslahatchisi Agahuseyn Ahmadovlar agentlik tashkil etilishi va uning faoliyati bilan mehmonlarni tanishtirdilar.
Ma’lumot o’rnida, Innovatsiyalar va raqamli rivojlanish agentligi Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning 2021-yil 11-oktabrdagi “Ozarbayjon Respublikasida raqamlashtirish, innovatsiyalar, yuqori texnologiyalar va kommunikatsiyalar sohasida boshqaruvni takomillashtirishga doir ayrim chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoniga asosan Ozarbayjon raqamli rivojlanish va transport vazirligi huzurida tashkil etilgan.
Agentlikning asosiy faoliyat sohalari Ozarbayjonda raqamli transformatsiya sohasidagi faoliyatni tashkil etish, muvofiqlashtirish, amalga oshirish, shu jumladan nazorat va tartibga solishni ta'minlashdan iborat.
Bundan tashqari, agentlik jismoniy va yuridik shaxslarga zamonaviy texnologiyalar va texnologik echimlarni o'zlashtirishda yordam ko'rsatadi, innovatsion tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni (shu jumladan, startaplarni) rag'batlantiradi, innovatsion tashabbusni ilgari suradi, ularni moliyaviy qo'llab-quvvatlaydi.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, o'zaro hamkorlikni rivojlantirish va startap ekotizimi bo'yicha tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.






