Koreya Respublikasi bilan innovatsion hamkorlik yanada kuchaytirilmoqda

Xabar berganimizdek, joriy yilning 14-18-noyabr kunlari Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining Janubiy Koreya davlatiga tashrifi amalga oshirilmoqda. 16-noyabr kuni Janubiy Koreyaning Kyonsan-Pukto provinsiyasi gubernatori Li Chol U taklifiga asosan delegatsiya vakillari Kyonsan-Pukto provinsiyasi hokimligiga tashrif buyurdi.

Li Chol U o‘zining joriy yil avgust oyidagi O‘zbekistonga xizmat safari davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlardan hayratda qolganini ma’lum qildi hamda ikki mamlakat o‘rtasida Yashil energetika sohasida hamkorlikni rivojlantirish tashabbusini bildirdi.

Shuningdek, Janubiy Koreya bilan ilm-fan va innovatsiya sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Kyonsan-Pukto provinsiyasida joylashgan universitetlarida magistratura va PhD darajasida ta’lim olish istagidagi 10 nafar talaba uchun grant ajratilishi borasida muzokaralar olib borildi.

Innovatsiyalar milliy ofisi Bosh direktori Olimjon To‘ychiyev taklifiga asosan yurtimizda har yili xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda o‘tkazib kelinayotgan xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligini kelgusi yilda (InnoWeek-2023) Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda o‘tkazish borasida kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasi Yeungnam Universitetiga ham tashrif buyurdi. Tashrif doirasida Innovatsiyalar milliy ofisi, Gyongbuk Texnoparki va Daegu-Gyongbuk LINC3.0 loyihasi universitetlari uchun konsortsiumi o‘rtasida uch tomonlama anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur anglashuv memoradumiga asosan Janubiy Koreyaning sanoat va akademiya o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish tajribasi O‘zbekistonda joriy qilish hamda Janubiy Koreya universitetlari va korxonalari bilan ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish maqsad qilingan.

Muzokaralar yakunida, Innovatsiyalar Milliy ofisi Bosh direktori Olimjon To‘ychiyev Janubiy Koreyaning Kyonsan-Pukto provinsiyasi gubernatori Li Chol Uga “Bright Uzbekistan” xalqaro jurnalini taqdim etdi.