InnoWeek.Uz-2021 innovatsion g‘oyalar haftaligi o‘z ishini yakunladi

 
“InnoWeek.Uz-2021” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftalik tadbirlarda 30 ta mamlakatdan 131 nafar xorijlik mehmonlar hamda 380 ta tashkilotlar va korxonalardan jami 20,1 ming ishtirokchilar qatnashdilar.
 
“InnoWeek.Uz-2021”xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi “Pandemiyadan keyingi davr uchun innovatsiyalar: yashil texnologiyalar, sun’iy intellekt, texnologik inqilob, startap ekotizimi” shiori ostida ish boshladi va haftalik doirasida 10dan ortiq tadbirlar va konferensiyalar tashkil etildi. Xususan, “Postpandemiya davri uchun innovatsiyalar va investitsiyalar forumi”, “Sun’iy intellekt – texnologik rivojlanish asosi”, “Vodorod texnologiyalari, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energiya tejamkorlik sohasida ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish” hamda “Tadqiqotlarni tijoratlashtirish va texnologiya transferining innovatsion strategiyalari” bo‘yicha xalqaro miqyosdagi olimlar va mutaxassislarni jalb qilgan holda dolzarb mavzular ko‘tarildi va ularga yechim topishda harakatlar strategiyasi ko‘rib chiqildi.
 
Haftalik davomida TechnoWays texnologik rivojlanish marafoni va “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi” ko‘krak nishoni g‘oliblari ham taqdirlandi. Shuningdek, Xalqaro robototexnika musobaqasi va 5-Turkiy dunyo bolalarining fan va madaniyat festivali ham o‘tkazildi.
 
Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida e’lon qilingan loyihalar tanlovlari g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi. Shuningdek, vazirlik tomonidan e’lon qilingan “Startap loyihalar tanlovi” g‘oliblariga grant mablag‘lari topshirildi. “Eng yaxshi innovatsion mahsulotlari” tanlovi doirasida ko‘rgazma ishtirokchilarining eng yaxshi startap loyihalari taqdirlandi.