Inson Qadri uchun: Aziz Abduhakimov Onkologiya markazidagi bemor bolaning orzusini amalga oshirdi

5-15-fevral kunlari «Inson Qadri uchun» harakati tomonidan Respublika onkologiya markazining Bolalar bo‘limi bemorlari uchun kitob ulashish xayriya aksiyasi o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari - Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov ham ishtirok etib, poytaxtdagi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida davolanayotgan bolalar bilan uchrashdi.

Shu o‘rinda aytish joizki, xayriya tashabbuskorlari ushbu tadbir doirasida saratonga chalingan bolalarning orzusini amalga oshirishni ham maqsad qilishgan. Markazda davolanayotgan Zarbek ismli bola Turizm va sport vaziri bilan shaxmat o‘ynash orzusi borligini bildirgan. Tashabbuskorlar bolakayning orzusini Aziz Abduhakimovga yetkazishganida vazir bu taklifni bajonidil qabul qildi.

“O‘tgan yili Prezidentimiz Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashriflari davomida bu yerda davolanayotgan bolalar bilan suhbatlashib, ularning ota-onalariga dalda bergan edilar. Shu bilan birga, barcha rahbarlarga og‘ir xastalik bilan kurashayotgan bolalar holidan muntazam ravishda xabar olish, ularning qiziqishlari o‘rgangan holda kerakli imkoniyatlarni yaratib berish bo‘yicha topshiriq bergan edilar. 14-fevral butun dunyoda “Xalqaro kitob sovg‘a qilish kuni” sifatida keng nishonlanishi munosabati bilan ko’ngillilarimiz tomonidan xayriya aksiyasi tashkil etilib, uning doirasida shifoxonada davolanayotgan bolajonlarga kitob ulashilmoqda. Men ham bugun erta tongdan kitob do‘koniga borib, bolajonlar uchun o‘zim shaxsan kitoblar tanlab oldim va buni shu yerda davolanayotgan bolajonlarga ilingim keldi. Kitobning inson hayotidagi o‘rnini hech narsa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Kitob o‘qigan bola nafaqat madaniy hordiq olishi mumkin, balki unda fikrlash qobiliyati ham charxlanadi”, - dedi A.Abduhakimov.

Respublika onkologiya markazining Bolalar bo‘limi bemorlari, ularning ota-onalari hamda shifokorlar bilan muloqot qilgach, Bosh vazir o’rinbosari Zarbekning orzusini amalga oshirib u bilan shaxmat o’ynashga kirishdi. O’yinda g’olib bo’lgan bolakay, qolaversa, shifoxonadagi boshqa bemorlarga vazir tomonidan qiziqarli kitoblar sovg’a qilindi. Shuningdek, ulalarni sportga, xususan shaxmatga bo'lgan qiziqishini oshirish maqsadida vazir A.Abduhakimov tomonidan bolalarga shaxmat sovg'a qilindi.

Tadbir, shuningdek, 15 fevral – «Xalqaro saratonga chalingan bolalar kuni» doirasida ham o’tkazilib, unda Xalq deputatlari Toshkent shahar Olmazor tuman Kengashiga O‘zbekiston Milliy tiklanish partiyasidan saylangan deputat Feruza Karimova tashabbusi bilan tibbiyot fakultetlari talabalari uyushmasi hamda “Korzinka” supermarketlar tarmog‘i ko‘magida tashkil etilgan “Inson qadri uchun” harakati “Ezgu kitoblar” aksiyasiga start berildi.