Instagram rekord miqdordagi jarimaga tortildi

Irlandiyaning ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha regulyatori DPS Instagram ijtimoiy tarmog‘iga 405 million yevro jarima soldi.
“Rekord miqdordagi ushbu jarima bolalar haqidagi ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha tekshiruv natijasi bo‘ldi”, — deya qayd etgan nazorat organi vakili.
Ijtimoiy tarmoq ustidan tergov 2020-yilda boshlangan. Irlandiya regulyatori 2021-yil dekabr oyida Instagram tekshiruvi bo‘yicha yakuniy qaror loyihasi ustida ishlashni tugatgan.
DPC vakilining aytishicha, regulyator yakuniy qarorni o‘tgan juma, 2-sentabr kuni qabul qilgan. Qayd etilishicha, qarorning to‘liq matni sentabr oyi o‘rtalariga qadar e’lon qilinadi.
Instagram jarima ustidan shikoyat qilishni rejalashtirmoqda, — deydi Meta vakili elektron pochta orqali.
Meta matbuot kotibining qo‘shimcha qilishicha, Instagram o‘z sozlamalarini bir yildan ko‘proq vaqt oldin yangilagan hamda o‘shandan buyon o‘smirlarning xavfsizligi va shaxsiyligini ta’minlash uchun yangi funksiyalarni ishga tushirgan.
P.S. DPC Facebook, Apple, Google va boshqa texnologiya gigantlari faoliyatini tartibga soladi — ularning Yevropa Ittifoqidagi bosh qarorgohi Irlandiyada joylashgan.






