Investitsion faoliyatni rag'batlantirish va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari-Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri J.Xodjayev videokonferensaloqa tarzida investitsiyaviy faoliyat va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash masalalari muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi.

Vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari Davlat investitsiya dasturi hamda viloyatlar va tarmoqlar kesimida Hududiy investitsiya dasturlari doirasida investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi to'g'risida hisobot berdilar, loyiha tashabbuskorlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha rejalarni belgilab oldilar, shuningdek, har biri bo'yicha o'rganish o'tkazilib tegishli yechimlar ishlab chiqilgan muammoli masalalar haqida so'zlab berdilar.

Yig'ilishda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining jalb qilingan mablag'lari va grantlarini o'zlashtirishning hozirgi holati ham ko'rib chiqildi. Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga loyihalarni o'z vaqtida amalga oshirish va qarz mablag'laridan maqsadli foydalanish monitoringini kuchaytirish topshirildi.

Shuningdek, muhokama kun tartibiga muvofiq Davlatimiz rahbarining joriy yil avgust oyida bo'lib o'tadigan tadbirkorlar bilan Ochiq muloqotini o'tkazishga tayyorgarlik ko'rish choralari o'rganildi. Tadbirkorlar tomonidan yuborilayotgan murojaatlar va takliflarni jamlash hamda tahlil qilish jarayoni ko'rib chiqildi. Jumladan, bugungi kun holatiga ko'ra Respublika shtabiga 6 316 ta murojaat kelib tushib, shundan 1719 ta ariza bo'yicha amaliy yechimlar ishlab chiqildi.