Investitsiya vazirligida Yaponiyaning JETRO tashkiloti bilan videokonferensiya bo‘lib o‘tdi

Unda, Buxoro va Navoiy viloyatlarida, xususan "Navoiy" EIZda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli misollar atroflicha koʼrib chiqildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) oʼrtasida tuzilgan hamkorlik toʼgʼrisida bitim doirasida Yaponiyaning kichik va oʼrta biznes vakillari uchun navbatdagi vebinar oʼtkazildi.

Tadbirda JETROga aʼzo boʼlgan yapon tashkilotlari, korxona va kompaniyalarining 50 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Vebinar mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda tarmoqlar va mintaqalarning investitsiyaviy jozibadorligining asosiy omillarini keng yoritish maqsadida tashkil etildi.

Vebinar doirasida Buxoro va Navoiy viloyatlarida, xususan "Navoiy" EIZda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli misollar atroflicha koʼrib chiqildi.

Ushbu hududlarda biznes yuritishning afzalliklari va investitsiya loyihalarini amalga oshirishning shart-sharoitlari, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va boʼlajak yapon investorlari uchun yaratilayotgan boshqa imkoniyatlarni ochib beruvchi taqdimotlar oʼtkazildi.

Yaponiya tomonidan JETROning Oʼzbekistondagi vakolatxonasi rahbari D.Takaxashi taqdimot bilan ishtirok etib, Yaponiya biznesi nuqtai nazaridan Oʼzbekiston bozorining oʼziga xos xususiyatlari va ushbu hududlarga sarmoya kiritishda Yaponiya biznesini qoʼllab-quvvatlash choralari haqida batafsil soʼzlab berdi.

Vebinar yakunida oʼzaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini hamda aniq investitsiyaviy loyihalarni batafsil muhokama qilish maqsadida JETRO vakillari boshchiligidagi Yaponiya tashkilotlari va kompaniyalari rahbarlaridan iborat boʼlgan delegatsiyaning Oʼzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

Maʼlumot uchun: 2021-yilning 20-may va 29 iyun kunlari JETRO bilan hamkorlikda Yaponiya ishbilarmon doiralarining Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi yakka tartibdagi korxonalar misolida Oʼzbekistonning investitsiyaviy muhiti bilan keng tanishishiga bagʼishlangan vebinarlar oʼtkazildi.