Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rahbariyati hamda Oʼzcharmsanoat uyushmasi rahbarlari ishtirokida yig’ilish bo’lib o’tdi

Joriy yilning 18-yanvar kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida charm-poyabzal sanoatining bugungi holati va uni yanada rivojlantirishni ragʼbatlantirish chora-tadbirlarini muhokama qilishga bagʼishlangan yigʼilish boʼlib oʼtdi.

Yigʼilish davomida Uyushma rahbariyati joriy ishlab chiqarish va eksport hajmining koʼrsatkichlari, shu yilda amalga oshirilgan va amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiyaviy loyihalar hamda yaratilayotgan ish oʼrinlari haqida maʼlumot berdi. Jumladan, soha korxonalari tomonidan 2021-yilda umumiy qiymati 4,4 trln. soʼmga teng boʼlgan mahsulot ishlab chiqarildi, 423 mln. dollar hajmida tovarlar eksport qilindi, 202 mln. dollarga teng investitsiyalar jalb etildi, ulardan 76 mln. dollari toʼgʼridan-toʼgʼri xorijiy investitsiyalardir. Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2 trln. soʼmlik mahsulotlar yaratildi. Loyihalarni amalga oshirish hisobiga joriy yilda jami 11,2 mingta yangi ish oʼrni yaratildi.

Charm, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarining ichki va tashqi bozorlardagi holat hamda Oʼzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar oʼz mahsulotlarini eksport qilishning istiqbolli yoʼnalishlari haqida maʼlumot berildi. Joriy yilda va oʼrta muddatli istiqbolda investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish va eksport qilishning maqsadli koʼrsatkichlari taqdim etildi. Аsosiylari orasida 2022-yil oxiriga borib, ishlab chiqarish hajmlarini 4,8 trln. soʼmgacha yetkazish va 450 mln. dollar qiymatidagi tovarlar eksportiga erishishdir. Shuningdek, umumiy qiymati 214 mln. dollarga teng boʼlgan 49 ta loyiha amalga oshirilishi va 12,5 mingta yangi ish oʼrni yaratilishi rejalashtirilgan.

Tarmoqda importni tahlil qilishga alohida eʼtibor qaratish hamda ishlab chiqarishda foydalaniladigan va import qilinadigan uskunalar, butlovchi qismlar va kimyoviy moddalarni ishlab chiqarishni mahalliylashtirish boʼyicha takliflarni shakllantirish topshirildi.

Xalqaro sanoat koʼrgazmalarida ishtirok etish uchun mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining keng doirasini jalb qilish, shuningdek, tashqi bozorlarga mahalliy mahsulotlarni ilgari surish maqsadida chet elda biznes-missiyalar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Bundan tashqari, soha uchun kadrlar tayyorlash va mamlakatimizda faoliyat koʼrsatayotgan korxonalar ishchilarining malakasini oshirish boʼyicha harakatlarni faollashtirish muhimligi qayd etildi.