Investor va shifokorlar yurtimizdagi xususiy klinika faoliyati bilan tanishdi

Kuni kecha Boku markaziy klinikasi Ortopediya va travmatologiya, sport tibbiyoti va fizioterapiya markazi rahbari Elviz Gasimov, “Huner group” boshqaruv raisi Ehtiram Guliev, “Romatem” shifoxonalar tarmogʼi asoschisi va raisi doktor Koksal Hololoʼgʼlu poytaxtimizdagi xususiy tibbiyot muassasalari, shu jumladan, “Medion” klinikasi faoliyati bilan tanishdi.

Dastavval boʼlib oʼtgan muloqot chogʼida bugungi kunda mamlakatimizda sogʼliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar davlat siyosatining bosh maqsadiga aylangani, bu borada qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, sohaning barcha yoʼnalishlarini kompleks rivojlantirish boʼyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani toʼgʼrisida maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari tomonidan xususiy tibbiyot muassasalariga qoʼshimcha shart-sharoit va imtiyozlar berilayotgani natijasida mamlakatimizda tibbiyotning xususiy sektori rivojlanib borayotgani taʼkidlandi. Shuningdek, muloqotda xodimlar malakasini oshirish, oʼzaro tajriba almashish borasidagi hamkorlik masalalariga ham urgʼu berildi.

Xorijiy mutaxassislar “Romatem” klinikasining Oʼzbekistonda filialini ochish, yirik reabilitatsiya markazi faoliyatini yoʼlga qoʼyish hamda investitsiya kiritish ishtiyoqi paydo boʼlganini bildirib, bir qator shifokorlarni tajriba almashish maqsadida Turkiyaga taklif qildi.

Shuningdek, yaqin kunlarda Boku markaziy klinikasi Ortopediya va travmatologiya, sport tibbiyoti va fizioterapiya markazi rahbari Elviz Gasimov tibbiyotning xususiy sektori faoliyati bilan yaqindan tanishish va koʼplab amaliy hamkorlik aloqalarini yoʼlga qoʼyish maqsadida oʼzbekistonlik hamkasblarini Bokuga taklif qildi.