Ipak Yoʼli banki OTBdan ikkita yoʼnalish boʼyicha mukofotni qoʼlga kiritdi

2021-yil 29-sentyabr kuni, Osiyo Taraqqiyot Bankining “Savdoni moliyalashtirish va Yetkazib berish (Ta'minot) zanjirini moliyalashtirish” (TSCFP) dasturi doirasidagi onlayn taqdirlash marosimida "Ipak Yo‘li" Banki 2021-yil uchun OTB bilan hamkorlik yakunlari bo‘yicha ikkita mukofotni qo‘lga kiritdi.
"Ipak Yo‘li" Banki 2020-yilning iyun oyidan 2021-yil iyul oyiga qadar bo‘lgan davrda eng ko‘p bitimlar tuzishga erishgan O‘zbekiston Respublikasining savdoni moliyalashtirish sohasidagi yetakchi hamkor-banki sifatida e'tirof etildi.
Bank matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, bank bu mukofotga ikkinchi marta sazovor bo‘lmoqda.
Shuningdek, "Ipak Yo‘li" Banki bank-emitent sifatida 2021-yil uchun “Yilning eng yaxshi bitimi” nominasiyasi bo‘yicha mukofot oldi. Dokumentar akkreditiv doirasida savdoni moliyalashtirish bo‘yicha 1 mln dollariga yaqin miqdorga tuzilgan, O‘zbekiston Respublikasiga COVID-19 va grippga qarshi kurashish bo‘yicha dori-darmonlar importini qoplovchi bitim OTBning 48 ta mintaqaviy a'zo davlatlarining nomzodlari orasidan eng yaxshisi deb e'tirof etildi.
Bugungi kunda "Ipak Yo‘li" Banki innovatsion g‘oyalarni taklif etib, va shu bilan birga o‘z xizmatlarining sifati, hammabopligi va tezkorligi bilan o‘z mijozlarini quvontirgan holda o‘zining savdoni moliyalashtirish bo‘yicha mahsulotlar spektrini kengaytirishda davom etmoqda!






