Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi Ispaniyada hamkorlik ko'lamini kengaytirmoqda

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi delegatsiyasi Ispaniyaga tashrifi doirasida qator yirik kompaniyalar bilan hamkorlik o'rnatmoqda.
Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari va Ispaniyaning “OVIGEN” va “WES” kompaniyalari o‘rtasida muzokaralar olib borildi. Ispaniya Qirolligining “OVIGEN” kompaniyasi naslchilik sohasida lider kompaniya hisoblanadi. Mazkur kompaniyaning bugungi kunda naslchilik sohasida olib borayotgan faoliyati, erishayotgan yutuqlari, to‘plagan tajribasi bilan yaqindan tanishish maqsadida, naslchilikni rivojlantirish markaziga tashrif uyushtirildi.
Tashrif davomida kompaniyaning naslchilik laboratoriyasi bilan tanishtirildi. Zamonaviy usulda sun’iy urug‘lantirish, ularning genetik bankini yaratish, embrionlarni laboratoriya usulida ko‘paytirish bo‘yicha ilmiy tajribasi yaqindan o‘rganildi.
Bundan tashqari, muzokaralar davomida "Ovigen"kompaniyasi hamkorligida O‘zbekistonda halqaro standartlarga mos ravishda zamonaviy naslchilik laboratoriyasi va o‘quv markazini tashkil etishga kelishib olindi.
Shuningdek, "Ovigen" kompaniyasi va "Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish" uyushmasi o‘rtasida ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.






