«iPhone 14»ning sotuvga chiqarilishi kechikishi mumkin

Apple kompaniyasi o'zining yangi avlod iPhone smartfonlari chiqarilishini kechiktirishi mumkin. Ma'lum bo'lishicha, bunga Xitoy va Tayvan davlatlari o'rtasidagi siyosiy ziddiyat sabab bo'lmoqda.
Apple smartfonlari uchun chipsetlar Tayvanning TSMC kompaniyasida ishlab chiqariladi va ular Xitoydagi, iPhone yig'iladigan eng katta zavodlarning biriga yetkazib beriladi. So'nggi xabalarga ko'ra, kompaniya o'zining tayvanlik ishlab chiqaruvchilariga yangi mahsulotlarni "Tayvanda ishlab chiqarilgan" deb yorliqlash o'rniga, "Tayvan, Xitoyda ishlab chiqarilgan" yoxud "Tayvan, Xitoy" yorliqlari bilan belgilashlari kerakligini eslatgan.
Garchi Xitoyning bu siyosati ko'p yillardan buyon olib borilayotgan bo'lsa ham, u o'tgan hafta AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifidan so'ng, AQSh va Xitoy o'rtasidagi ziddiyat kuchayganidan keyin majburiy tarzda amalga oshirila boshlandi. Endilikda xitoyliklar "Tayvanda ishlab chiqarilgan" deb yozilgan yuklarni kechiktirishlari va hatto, rad etishlari mumkin.
Shu sabab, kupertinolik kompaniyaning sentabrda chiqarilishi kutilayotgan yangi iPhone 14 smartfonlari kutilganidan kechroq chiqarilishi mumkin.






