Iqtisodiyot rivojining qo‘shimcha chora-tadbirlari belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-mart kuni iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, davlat korxonalarini transformatsiya qilish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda mamlakatimizda bozor iqtisodiyotini rivojlantirish, raqobat muhitini yaxshilash ishlarini jadallashtirish va davlat aktivlarini xususiylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Jumladan, 25 ta davlat korxonasida operatsion samaradorlikni oshirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgi zamon talabiga javob bermaydigan, zarar bilan ishlayotgan korxonalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash amaliyotidan butunlay voz kechish kerakligi aytildi.

Transport sohasidagi ishlar holati ham ko‘rib chiqildi. Tranzit yo‘lovchilar oqimini oshirish, charter parvozlarga ruxsat berish tizimini soddalashtirish, mahalliy aeroportlarni mintaqaviy tranzit xabiga aylantirish choralari belgilandi.

“Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi erkin raqobat sharoitida ishlash uchun zamonaviy yondashuvlarni joriy qilishi, aviachiptalar narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, eksport masalalari muhokamasida, tashqi bozordagi bugungi vaziyatdan kelib chiqib, transport va logistika masalalarini hal etish, eksport geografiyasini kengaytirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Viloyat hokimlari oziq-ovqat xavfsizligini va bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha vazifalar ijrosi to‘g‘risida axborot berdi.