Istanbulda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashining o‘n ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi

Majlisning ochilishida Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Bag‘dod Amreyev va tashkilotga aʼzo davlatlar O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston oqsoqollari so‘zga chiqdi.

Majlisda O‘zbekiston tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev ishtirok etdi.

Tadbirda hozirgi vaqtda Turkiy davlatlar tashkiloti rahnamoligida olib borilayotgan hamkorlik masalalari, shuningdek, 2021-yil 12-noyabr kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammitida davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan qarorlarning ijrosi ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilar Turkiy kengash Oqsoqollar kengashining yangilangan nizomi va oqsoqollar rolini kuchaytirish chora-tadbirlari hamda boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

Turkiy davlatlar tashkiloti tegishli tuzilmalarining samarali hamkorligi va faoliyatini muvofiqlashtirish muhimligi, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida madaniy va ijtimoiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni yaratish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan turkiyzabon mamlakatlarda 2022-yil “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb eʼlon qilinishi doirasida tadbirlar o‘tkazish masalasi ham muhokama qilindi.

Majlis yakunlari bo‘yicha muhokama qilingan masalalar yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqildi, shuningdek, 2022-yilning ikkinchi yarmida Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Oqsoqollar kengashining 13-majlisi sanasi belgilandi.