Italiyalik investorlar Oʼzbekistonda faoliyatini kengaytirish istagida

Joriy yilning 17-may kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov “Berlusconi Finanzaria” investitsiya jamgʼarmasi Prezidenti Paolo Berluskoni hamda “Energy System” kompaniyasi prezidenti Roberto Tuchchi bilan uchrashdi.
Uchrashuv chogʼida italiyalik tadbirkorlar tomonidan Oʼzbekistonda investitsiyaviy faoliyatni yoʼlga qoʼyish va kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi. Italiya tomoni energetika va maishiy chiqindilarni qayta ishlash sohalarida yirik loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, kompaniya rahbariyati Oʼzbekiston hududlarida yetishtiriladigan zaʼfaron hajmini oshirish rejalarini bildirdi. Bu, oʼz navbatida, oʼzbek fermerlarining ushbu mahsulot bilan savdo qilishda xalqaro bozorda mavqeini mustahkamlaydi va qoʼshimcha ish oʼrinlari yaratadi.
Tomonlar ushbu loyihalarni hayotga joriy etishni tezlashtirish maqsadida ularni amalga oshirish bilan bogʼliq barcha masalalarni batafsil koʼrib chiqdilar hamda tezkor yechimlari boʼyicha oʼzaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqdilar.
Uchrashuv yakunida koʼrib chiqilgan loyihalarni ilgari surishni jadallashtirish maqsadida faol aloqalar va muntazam muloqotni davom ettirishga kelishildi.






