ITB O’zbekistonda maktablarni qurish va ta’mirlashga mablag’ ajratmoqchi

Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri Hilola Umarova Islom Taraqqiyot Banki Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi ta’lim sho‘basi rahbari Muhammad Mirzai Kahagi, Ta'lim uchun global hamkorlik (GPE) tashkilotining hududiy rahbari Lina Benete hamda UNICEF tashkilotining O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida tomonlar Islom taraqqiyot banki tomonidan ajratilishi rejalashtirilayotgan mablag‘dan foydalanishda asosiy vazifalar hamda rejalarni belgilab olishdi. Muzokaralar natijasiga ko‘ra, Islom taraqqiyot banki tomonidan maktablarda ta’mir ishlarini amalga oshirish, yangi maktablar va sportzallar qurishga mablag’ ajratilishiga kelishildi.
Mazkur soha uchun GPE tomonidan ham qo‘shimcha mablag’ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Hozirda ta’mirtalab maktablar soni 1250 tani tashkil etadi.






