ITB Oʼzbekistondagi faoliyatini kengaytirmoqda

Joriy yilning 14-fevral kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Islom taraqqiyot banki (ITB) Prezidenti Muhammad Sulaymon al-Jassir bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar oʼtkazdi.
Muzokaralar oʼzaro manfaatli hamkorlikning bugungi holati va uni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bagʼishlandi. Soʼnggi yillarda Oʼzbekistonda ITB faoliyati jadal kengayib borayotgani qayd etildi. Аyni paytda Oʼzbekistondagi ITBning investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 1,8 mlrd dollarlik 29 ta loyihadan iboratdir. Shulardan umumiy qiymati 996 million dollarga teng 21ta loyiha amalga oshirilgan va 825 million dollarlik 8ta loyiha hayotga tatbiq etilmoqda.
ITB rahbari Oʼzbekistonning 2022-2026-yillarga moʼljallangan taraqqiyot Strategiyasining qabul qilinishini olqishladi va unda belgilangan ustuvor vazifalar dolzarbligini taʼkidlab, ushbu Strategiyani amalda tatbiq etish hamda Oʼzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada rivojlantirishga hissa qoʼshishga tayyorligini bildirdi.
ITB bilan 2023-2025-yillarga moʼljallangan yangi Hamkorlik dasturini birgalikda ishlab chiqish toʼgʼrisida kelishuvga erishildi. Hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlari yuzasidan fikr almashildi, ular qatorida aholi bandligi va malakasini oshirish, hududlar va qishloq joylarda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va startaplarni qoʼllab-quvvatlash, suv taʼminoti tizimlari, kanalizatsiya, kommunal va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish kabi yoʼnalishlar belgilab olindi. ITB tomonidan Аrab muvofiqlashtirish guruhi bilan hamkorlikda yaratilgan SmartED yangi moliyalashtirish mexanizmidan foydalangan holda taʼlim tizimini takomillashtirishning dolzarbligi ham alohida taʼkidlandi.






