Ivanovo viloyati bilan hamkorlikni faollashtirish istiqbollari koʼrib chiqildi

Joriy yilning 2-iyun kuni Oʼzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Rossiya Federatsiyasining Ivanovo viloyati gubernatori Stanislav Voskresenskiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda Oʼzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi hamda “Oʼztoʼqimachiliksanoati” uyushmasi rahbariyati ham ishtirok etdi.

Suhbat chogʼida Ivanovo viloyati va Oʼzbekiston viloyatlari oʼrtasida sanoat, savdo va taʼlim sohasida hududlararo hamkorlikni yoʼlga qoʼyish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, yuqori texnologiyali va raqobatbardosh mahsulotlarning keng assortimentini ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutgan holda toʼqimachilik sanoatidagi hamkorlik istiqbollari koʼrib chiqildi. Qoʼshma toʼqimachilik klasterlarini, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish obyektlarini yaratish, yuqori texnologiyali matolardan foydalangan holda kiyimlarni loyihalash va modellashtirish sohasini rivojlantirish istiqbollari qayd etildi.

Shuningdek, Oʼzbekiston toʼqimachilik sanoati mutaxassislari uchun oliy taʼlimning tegishli yoʼnalishlarida hamkorlikni yoʼlga qoʼyish hamda mamlakatda yengil sanoat sohasida malaka oshirish markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari koʼrib chiqildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar koʼrib chiqilgan yoʼnalishlar doirasida aniq tashabbuslarni amalga oshirish boʼyicha ishlarni faollashtirishga kelishib oldilar.